Qozon shahrida SMIIC Bosh assambleyasining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-10-29 13:00:00 / Yangiliklar

🔵2026-yil 28-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Qozon shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) huzuridagi Standartlashtirish va metrologiya instituti (SMIIC) Bosh assambleyasining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ilk bor Qozonda tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbirda Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa va Afrika davlatlaridan 80 nafardan ortiq soha vakili ishtirok etdi.
🔴Yig‘ilishda SMIICga a’zo davlatlar o‘rtasida standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish, halol mahsulotlar va xizmatlar sohasida yagona yondashuvlarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tashkilot faoliyati sarhisob qilinib, kelgusi davr uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
🟢O‘zbekiston Respublikasi 2019-yildan buyon SMIICning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. Mamlakatimiz manfaatlarini Texnik jihatdan tartibga solish agentligi ifodalaydi. Ushbu a’zolik O‘zbekistonga IHTga a’zo davlatlar bilan sifat infratuzilmasi, xalqaro standartlarni ishlab chiqish va halol mahsulotlarni sertifikatlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkonini beradi.
🟤Bugungi kunda global halol iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda. Xalqaro tahlillarga ko‘ra, uning hajmi 2030-yilga borib 9,5 trillion AQSH dollariga yetishi, yuqori o‘sish ssenariysida esa 10,5 trillion dollargacha oshishi prognoz qilinmoqda.
🟡DinarStandard hisobotiga ko‘ra, 2029-yilga borib musulmon iste’molchilarning halol oziq-ovqat, farmatsevtika, kosmetika, kiyim-kechak, turizm, media va ko‘ngilochar xizmatlarga sarflaydigan xarajatlari 3,6 trillion AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Bu esa mazkur bozorda xalqaro standartlar va ishonchli sertifikatlashtirish tizimlariga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.
🔵SMIIC Bosh assambleyasining 21-yig‘ilishi O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini mustahkamlash, milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirish, halol mahsulotlar va xizmatlar bozoridagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.



