“Sulton Tex Group” to‘qimachilik klasteri faoliyati bilan tanishildi
2026-10-23 11:00:00 / Yangiliklar

🫥 O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov Qashqadaryo viloyatidagi “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Sulton Tex Group” to‘qimachilik klasterining mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasi faoliyati bilan tanishdi.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil 13-martda qabul qilingan qaror doirasida tashkil etilgan mazkur korxona to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan yirik loyihalardan biri hisoblanadi.
Umumiy qiymati 54 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyiha doirasida yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvatiga ega ishlab chiqarish liniyalari ishga tushirilgan. Fabrikada 840 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Korxonada resurslardan oqilona foydalanish, suv va energiya sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiymati 3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalash va qayta ishlatish imkonini beradi. Natijada yiliga 1,1 million kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan.
🫥 Shuningdek, fabrikani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 megavatt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan. Mazkur texnologik yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish hamda mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.
🫥 Korxona faoliyati bilan tanishish davomida zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini qo‘llash, resurs tejamkor yechimlarni joriy etish, sanoat korxonalarining samaradorligini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik talablarni ta’minlash va yashil sertifikatsiya tizimini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.





