“Payshanba — Yoshlar kuni”: talaba qizlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga e’tibor
2026-10-15 12:00:00 / Yangiliklar

✅Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashabbusi bilan “Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida Qo‘qon davlat universitetining Gumanitar fanlar va tillar fakultetida talaba qizlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
✅ Tadbirda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori maslahatchisi N. Mamadaliyeva, Rus tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, dotsent, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi Matlubaxon Rasulova, universiteti magistranti, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi Feruzaxon Xo‘jayeva hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi B. Hasanova ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlarning ta’lim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, kasbiy va shaxsiy rivojlanishning muhim jihatlari xususida so‘z yuritildi.
Ishtirokchilar talaba qizlarga aniq maqsad belgilash, bilim va ko‘nikmalarni muntazam oshirib borish, tashabbuskorlik ko‘rsatish, vaqtdan unumli foydalanish hamda o‘z kuch va imkoniyatlariga ishongan holda harakat qilish yuzasidan tavsiyalar berdilar. Turli sohalarda muvaffaqiyatga erishayotgan xotin-qizlarning tajribasi yoshlar uchun muhim hayotiy saboq va ibrat ekani ta’kidlandi.
Ochiq muloqot davomida talaba qizlar kasb tanlash, ta’limni davom ettirish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish va kelajakda o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishga oid savollariga javob oldilar.
✅ Mazkur uchrashuv yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yishi va kelajakka ishonch bilan intilishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etdi.



