Ustozlarga ehtirom — yuksak qadriyat
2026-09-29 15:00:00 / Yangiliklar

⚡️ Bugun Texnik jihatdan tartibga solish agentligida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Ustozlarga ehtirom» mavzusida ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.
⛈ Tadbirning asosiy maqsadi ustoz va murabbiylarning yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, malakali kadrlarni tayyorlash hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdagi beqiyos o‘rnini e’tirof etish, ularning ko‘p yillik mehnati va kasbiy faoliyatini qadrlashdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda ustoz va murabbiylarning jamiyat taraqqiyoti, yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda sohalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlashdagi muhim o‘rni haqida fikr almashildi. Shuningdek, ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilib kelayotgan ustozlarning ibratli faoliyati, boy hayotiy tajribasi va kasbiy mahorati alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida ustozlik kasbining sharafli va mas’uliyatli jihatlari, ustoz-shogird an’analarini asrab-avaylash va davom ettirishning ahamiyati xususida mulohazalar bildirildi.
⚡️ Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ustoz va murabbiylarga chuqur hurmat va minnatdorlik izhor etilib, ularga ezgu tilaklar bildirildi.
⚡️ Ustozga hurmat — ilm va ma’rifatga, ezgu qadriyatlarga hamda kelajakka hurmatdir. Zero, har bir sohadagi malakali mutaxassis va erishilayotgan yutuqlar zamirida o‘z shogirdiga bilim, tarbiya va hayotiy saboq bergan ustozlarning mashaqqatli mehnati mujassam.




