O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida quyosh panellarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi tashkil etiladi
2026-09-28 11:00:00 / Yangiliklar

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov Koreya muvofiqlikni baholash laboratoriyasi (KCL) prezidenti Cheon Young Ghil bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yuqori sur’atlar bilan kengayib bormoqda. Xususan, 2017–2025-yillar mobaynida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollardan 1,7 milliard dollarga yetkazildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra esa Koreya Respublikasi O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida faxrli 5-o‘rinni egalladi.
Ayni paytda tomonlar oldiga yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 4 milliard dollarga yetkazishdek ulkan maqsad qo‘yilgan bo‘lib, bu ikki davlatda ham savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligidan dalolat beradi.
Koreyaning yetakchi ixtisoslashgan institut va agentliklari, jumladan, Koreya standartlar va texnologiyalar agentligi (KATS), Koreya muvofiqlikni baholash laboratoriyasi (KCL), Koreya sinov laboratoriyasi (KTL), Koreya sinov va sertifikatlashtirish instituti (KTC), Koreya sinov va ilmiy tadqiqot instituti (KOTITI), shuningdek, Koreya milliy metrologiya instituti (KRISS) bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etildi.
Uchrashuvda Pskent tumanida qiymati 8 million AQSh dollari bo‘lgan quyosh panellarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasini tashkil etishga qaratilgan yangi grant loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjat imzolandi. Mazkur loyiha O‘zbekistonda quyosh panellari sifatini sinovdan o‘tkazish va sohada zamonaviy laboratoriya infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi



