BIPM–COOMET UTC Summer School O‘zbekistonda o‘z ishini boshladi
2026-09-28 10:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida “BIPM–COOMET UTC Summer School” xalqaro yozgi maktabi o‘z ishini boshladi.
✅ Mazkur nufuzli xalqaro tadbir 2026-yil 28–30-sentabr kunlari Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM), COOMET TC 4 “Information and Training”, IEEE UFFC hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti hamkorligida tashkil etilmoqda.
Yozgi maktab O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilmoqda. Unda 25 ta xorijiy mamlakatdan jami 31 nafar vakil ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar orasida rivojlangan mamlakatlarning yetakchi xalqaro ekspertlari va lektorlari, shuningdek, vaqt va chastota metrologiyasi yo‘nalishida bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirayotgan mutaxassislar mavjud.
✅ Tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro metrologiya hamjamiyatidagi ishtiroki kengayib borayotganining muhim amaliy ifodasi hisoblanadi. 2025-yil 27-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro metrik Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonuni imzolangan. Mazkur huquqiy asos mamlakatimizning xalqaro metrologiya tizimiga integratsiyalashuvini yanada mustahkamladi. 2026-yil 13-apreldan O‘zbekiston Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosining (BIPM) to‘laqonli a’zosi sifatida faoliyat yurita boshladi.
✅ “BIPM–COOMET UTC Summer School”ning asosiy maqsadi UTC va UTC(k) vaqt shkalalarini yaratish, solishtirish va uzatish, yuqori aniqlikdagi vaqt-chastota o‘lchashlarini amalga oshirish hamda ularning metrologik kuzatuvchanligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.
Yozgi maktab dasturidan atom soatlari, GNSS orqali vaqt uzatish, o‘lchash noaniqligini baholash, statistik tahlil hamda vaqt va chastota metrologiyasining zamonaviy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
✅ Xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislarini bir maydonda jamlagan mazkur tadbir vaqt va chastota metrologiyasi sohasida tajriba almashish, ilg‘or ilmiy-amaliy yondashuvlarni o‘rganish hamda xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.




