O‘zbekistonda qurilish armaturasini monitoring qilish va kuzatuvchanlik tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi
2026-09-25 11:00:00 / Yangiliklar

✅O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligida Turkiya Respublikasi G‘aznachilik va Moliya vazirligi huzuridagi Zarbxona va Marka bosmaxonasi Bosh boshqarmasi vakillari ishtirokida qurilish armaturasini monitoring qilish va kuzatuvchanligini ta’minlash tizimi — İDİSni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlariga bag‘ishlangan texnik seminar bo‘lib o‘tdi.
✅Seminarga O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorning birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov rahbarlik qildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining tegishli vazirliklari, idoralari va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
✅Turkiya delegatsiyasi tarkibidan Faruk GÖZÜBÜYÜK — Bosh direktor, Fatih İÇİN — Bosh direktor o‘rinbosari hamda Bülent YILMAZ — BÜİS departamenti rahbari qatnashdi.
Seminar davomida Turkiyada amaliyotga joriy etilgan İDİS tizimining ishlash mexanizmlari va amaliy tajribasi taqdim etildi. Xususan, tizimning texnik infratuzilmasi, institutsional mexanizmlari, raqamli jarayonlari, mahsulotlarni markirovkalash, ularning harakatini kuzatish hamda bozor monitoringini amalga oshirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, İDİS tizimini O‘zbekistonning amaldagi institutsional va huquqiy tizimiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, qurilish materiallari, xususan, armatura mahsulotlarining kelib chiqishi, ishlab chiqarilishi, muomalasi va harakatini raqamli kuzatish, mahsulot xavfsizligini ta’minlash hamda bozor nazoratining samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Muloqot davomida mazkur tizimni O‘zbekistonda joriy etishning texnik va tashkiliy jihatlari, tegishli infratuzilmani shakllantirish, manfaatdor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini belgilash hamda ilg‘or xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida tomonlar texnik tajriba almashish, institutsional hamkorlikni rivojlantirish va istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
✅Mazkur hamkorlik qurilish materiallari bozorida mahsulotlarning kuzatuvchanligini ta’minlash, ularning xavfsizligi va sifat nazoratini kuchaytirish hamda zamonaviy raqamli monitoring mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.




