Mustaqillik — milliy o‘zligimiz, erkin va farovon kelajagimiz poydevori
2026-09-11 09:00:00 / Milliy qadriyatlar va bayramlar

1991-yil 31-avgust — O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik orzu-intilishlari, ozod va erkin hayot sari ezgu maqsadlari ro‘yobga chiqqan, mamlakatimiz tarixida yangi davrni boshlab bergan buyuk sana. Aynan shu kuni O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi. 1-sentabr esa yurtimizda Mustaqillik kuni sifatida umumxalq bayrami deb belgilandi. (O'zbekiston Prezidenti)
Mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy davlatchiligimizni tiklash va rivojlantirish, ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, boy tarixiy va madaniy merosimizga munosib e’tibor qaratish imkonini berdi. Istiqlol yillarida mamlakatimizning davlat boshqaruvi va huquqiy tizimi shakllantirildi, Konstitutsiya, davlat ramzlari, milliy valyuta va zamonaviy davlatchilik asoslari yaratildi. (O'zbekiston Prezidenti)
Mustaqillik — bu, avvalo, xalqimizning erkinligi, inson qadr-qimmati va kelajakka bo‘lgan ishonchidir. U mamlakatimizning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashi, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishi, barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishi uchun mustahkam zamin yaratdi. (O'zbekiston Prezidenti)
Bugun O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Inson qadri, xalq manfaatlari, tinchlik va barqarorlik, ilm-fan, ta’lim, innovatsiya va iqtisodiy rivojlanish mamlakatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlariga aylanmoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar xalqimizning bunyodkorlik salohiyati va mustaqillik bergan ulkan imkoniyatlar bilan chambarchas bog‘liq. ( O'zbekiston Prezidenti)
Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, avvalo, mard va mehnatsevar xalqimizning fidokorona mehnati, ezgu intilishlari va Vatanga bo‘lgan sadoqatining samarasidir. Bugungi avlod zimmasidagi eng ulug‘ vazifa esa ushbu bebaho ne’matni asrab-avaylash, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish va kelajak avlodlarga yanada kuchli, obod hamda farovon O‘zbekistonni qoldirishdir.
Mustaqillik — milliy g‘ururimiz, qalbimizdagi iftixor, ertangi kunimizga ishonch va buyuk kelajagimiz sari yo‘l ko‘rsatuvchi muqaddas qadriyatdir. Uning 35 yillik shonli tarixi xalqimizning qat’iy irodasi, bunyodkorlik ruhi va taraqqiyot yo‘lidagi ulkan marralarining yorqin ifodasidir.
Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, osmonimiz musaffo, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
