Yoshlar — yangi g‘oyalar, yuksak malaka va taraqqiyot tayanchi
2026-09-11 10:00:00 / Yangiliklar

Kecha Yoshlar kuni munosabati bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Toshkent davlat agrar universiteti talabalari, magistrantlari va yosh olimlari bilan uchrashdi. Unda universitet rektori Narzulla Oblomurodov, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va sinov sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Sohaga zamonaviy bilim va xalqaro tajribani puxta egallagan malakali kadrlarni tayyorlash muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
🔴 Yoshlar bilan suhbatda zamonaviy mehnat bozori mutaxassisdan nafaqat diplom, balki amaliy ko‘nikma, tahliliy fikrlash, tashabbuskorlik va doimiy rivojlanishni talab qilishi qayd etildi. Shu bois talabalarga ko‘proq kitob o‘qish, muntazam izlanish, chet tillarini o‘rganish, xalqaro tajriba, zamonaviy standartlar va texnologiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, ularning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda malakali mutaxassislarning o‘rni alohida qayd etildi.
🟢 Xususan, agrar sohada GLOBALG.A.P. xalqaro standarti talablarini yaxshi biladigan mutaxassislarni tayyorlash, talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarish korxonalari va laboratoriyalar imkoniyatlaridan ta’lim jarayonida samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, dual ta’limni rivojlantirish, talabalar, magistrantlar va yosh olimlarni ilmiy-amaliy hamda innovatsion loyihalarga jalb etish, zamonaviy o‘quv adabiyotlari va uslubiy materiallarni hamkorlikda tayyorlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, yoshlar oziq-ovqat xavfsizligi, sifat nazorati va zamonaviy standartlarni amaliyotga joriy etish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Yakunda Akmal Jumanazarov universitet laboratoriyalari faoliyati bilan tanishib, ularning ilmiy tadqiqotlar, talabalar amaliy tayyorgarligi hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi imkoniyatlarini muhokama qildi. Universitet rahbariyati tomonidan Agentlik bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish va ta’lim hamda amaliyot integratsiyasini kengaytirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
🟤 Uchrashuv yakunida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, agrar sohada xalqaro standartlarni samarali joriy etishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda yoshlarni istiqbolli yo‘nalishlarga keng jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.





