O‘zbekistonda berilgan «Halol» sertifikatlari Malayziyada tan olinishi kutilmoqda
2026-09-09 12:00:00 / Yangiliklar

«UzHalalTest» sertifikatlash idorasida JAKIM ekspertlarining xalqaro auditi boshlandi
🔵 O‘zbekiston standartlar instituti huzuridagi “UzHalalTest” sertifikatlash idorasida Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) ekspertlarining baholash auditi o‘z ishini boshladi.
🔴 Mazkur jarayon mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim va strategik qadam hisoblanadi.
Malayziyada halol talablariga muvofiqlik mahsulotlarni ichki bozorga olib kirishning asosiy va shart bo‘lgan talablaridan biridir. Shu sababli, global miqyosda halol sertifikatlash sohasida eng nufuzli va muhim davlat tashkilotlaridan biri sifatida tan olingan JAKIM bilan hamkorlik qilish milliy eksportchilarimiz uchun katta ahamiyatga ega.
🟢 Ayni paytda O‘zbekiston tomoni “UzHalalTest” idorasini JAKIM reestriga kiritish va mamlakatimizda berilgan halol sertifikatlarining Malayziyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishiga erishish bo‘yicha izchil va tizimli ish olib bormoqda. Tekshiruvlar aynan ushbu maqsadni amalga oshirishdagi eng mas’uliyatli va muhim bosqichlardan biridir.
Audit davomida xalqaro ekspertlar milliy halol sertifikatlash tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini, laboratoriya sinovlarini va sertifikatlashtirish jarayonidagi nazorat mehanizmlarini kompleks ravishda baholaydilar. Bu milliy tizimning shaffofligi va ishonchliligini xalqaro darajada tasdiqlashga xizmat qiladi.
Baholash jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanib, “UzHalalTest” JAKIM reestriga kiritilsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Malayziya bozoriga chiqishda keng imkoniyatlar va qulayliklar yaratiladi.
🩷 Bu sertifikatlash jarayonini soddalashtirish va eksportchilar uchun ortiqcha ma’muriy va texnik to‘siqlarni kamaytirishga yordam beradi.
🟡 Ushbu tashabbus O‘zbekistonning halol sanoatini jahon bozorlariga faol integratsiya qilish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
🩷 Natijada mamlakatimizning halol mahsulotlar eksporti yangi bosqichga ko‘tarilib, eksport geografiyasi va hajmi sezilarli darajada kengayadi.

