Kvant metrologiyasi: ilm-fan va texnologiyalar kelajagi sari
2026-09-05 10:00:00 / Yangiliklar

“Kvant metrologiyasi va texnologiyalari” (“Quantum Technologies in Measurements”) xalqaro yozgi maktabi o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi. AQSh Milliy standartlar va texnologiyalar instituti (NIST) ilmiy xodimi, PhD Albert Regossi hamda Chexiya metrologiya instituti (CMI) metrologi Petr Krenning ishtirokida tashkil etilgan tadbir kvant metrologiyasi va zamonaviy o‘lchash texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Yozgi maktabning 4-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi kuni zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar, ilmiy muhokamalar va istiqbolli tadqiqotlar taqdimotiga bag‘ishlandi. Unda amerikalik vatandoshimiz, professor Anvar Zohidov ham ma’ruza bilan ishtirok etib, kvant texnologiyalari va materialshunoslik sohasidagi ilmiy yondashuvlar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir davomida kvant texnologiyalari va sun’iy intellekt integratsiyasi, kvant metrologiyasi va sensor tizimlarining rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, nanoelektronika, spintronika va kvant nuqtalari kabi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, elektr va vaqt standartlarida kvant yechimlaridan foydalanish, smart-energetika tizimlarida kvant metrologiyasining o‘rni, elektr standartlarida grafen materiallarini qo‘llash hamda UTC(UZ) vaqt shkalasini tarqatish va uzatish usullari yuzasidan fikr almashildi.
Yozgi maktabning yana bir muhim yo‘nalishi kvant hisoblashlari va standartlashtirish masalalari bo‘ldi. Xususan, kvant uglerod nanostrukturalarini kompyuterda modellashtirish, kubitlar bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar hamda ISO/IEC JTC 3 doirasida kvant texnologiyalarini standartlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ochiq savol-javob va muhokama o‘tkazilib, O‘zbekistonda kvant metrologiyasini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim xulosalarga kelindi. Shuningdek, O‘zbekistonda kvant texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.





