O‘zbekiston va IEC: elektrotexnika sohasida hamkorlikning yangi bosqichi
2026-09-04 15:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonning Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) bilan hamkorligini yanada rivojlantirish va elektrotexnika sohasida xalqaro standartlarni joriy etish masalalari yuzasidan IECning xalqaro masalalar bo‘yicha direktori Katrina Fraga bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning IECga to‘laqonli a’zo bo‘lganligi munosabati bilan o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, istiqbolda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar va amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Xususan, IEC texnik qo‘mitalari faoliyatida O‘zbekistonning ishtirokini yanada kengaytirish, mahalliy mutaxassislarning xalqaro ekspertlik salohiyatini oshirish maqsadida trening va seminarlar tashkil etish, shuningdek, IEC xalqaro standartlarini milliy amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, IEC EE muvofiqlikni baholash tizimini joriy etish maqsadida sinov laboratoriyalarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, zamonaviy raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik yo‘nalishlarida yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda «yashil» energetika, Smart Grid texnologiyalari, energiyani saqlash tizimlari hamda elektr uzatish tarmoqlarida zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Muloqot yakunida tomonlar elektrotexnika sohasida xalqaro standartlarni keng joriy etish, milliy mutaxassislarning kasbiy va ekspertlik salohiyatini oshirish, shuningdek, innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.


