O‘lchashlarda kvant texnologiyalari: O‘zbekistonda xalqaro yozgi maktab
2026-09-04 10:00:00 / Yangiliklar

✅ 3-sentabr kuni Oqtoshda «Quantum Technologies in Measurements» — «O‘lchashlarda kvant texnologiyalari» mavzusida xalqaro yozgi maktab o‘z ishini boshladi.
✅ Mazkur xalqaro tadbir Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan tashkil etildi.
✅ Yozgi maktabdan ko‘zlangan asosiy maqsad kvant metrologiyasi yo‘nalishida ilmiy va amaliy bilimlarni kengaytirish, zamonaviy yuqori aniqlikdagi o‘lchash texnologiyalarini muhokama qilish, shuningdek, sohada xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
✅ Tadbirda O‘zbekiston va xorijiy davlatlardan olimlar, metrologiya sohasi mutaxassislari, tadqiqotchilar hamda yosh mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Yozgi maktabning birinchi kunida kvant metrologiyasi va Xalqaro birliklar tizimining kvant asoslari, optik chastota va gravitatsion o‘lchash standartlari, kvant kompyuterlari, shuningdek, O‘zbekistonda innovatsion metrologik infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
✅ Xorijiy ekspertlar — AQSh Milliy standartlar va texnologiyalar instituti (NIST) ilmiy xodimi Albert Rigosi hamda Chexiya metrologiya instituti olimi Petr Křen ma’ruzalari bilan ishtirok etib, kvant metrologiyasi va zamonaviy o‘lchash texnologiyalarining ilmiy-amaliy ahamiyati yuzasidan o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
✅ Yozgi maktabning ikkinchi kunida sun’iy intellekt va kvant texnologiyalari, kvant sensorlari, spintronika, smart energetikada kvant metrologiyasi, kvant elektr standartlari, nanotexnologiyalar hamda UTC(O‘Z) vaqt shkalasi kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar va muhokamalar o‘tkaziladi.
Qayd etish joizki, kvant texnologiyalarining jadal rivojlanishi metrologiya sohasi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Xususan, yuqori aniqlikdagi o‘lchashlarni ta’minlash, yangi avlod etalonlarini shakllantirish va ilg‘or ilmiy ishlanmalarni metrologik amaliyotga joriy etish zamonaviy metrologiyaning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
✅ «Quantum Technologies in Measurements» xalqaro yozgi maktabi O‘zbekistonda metrologiya sohasini kvant texnologiyalari, ilg‘or ilmiy yondashuvlar va yuqori aniqlikdagi zamonaviy o‘lchashlar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.





