BCI’ning O‘zbekistonda 2030-yilgacha rivojlanish strategiyasi muhokama qilindi
2026-08-27 11:00:00 / Yangiliklar

🫥 O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda Better Cotton Initiative (BCI) hamkorligida tashkil etilgan “BCI kelajagini birgalikda shakllantiramiz” strategik sessiyasida ishtirok etdi.
🫥 Better Cotton Initiative — paxta yetishtirish jarayonlarini ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirishga qaratilgan xalqaro notijorat tashabbusdir. BCI standartlari paxta yetishtirishda mas’uliyatli va barqaror yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Strategik sessiyada BCIning O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi, ishlab chiqaruvchilar faoliyati va bozor talablari, sohadagi mavjud masalalar hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida BCI standartlari talablariga muvofiqligini tasdiqlagan “Fergana Global Textile”, “Sultan Tex Group”, “Deniz Teks”, “Navbakhor Textile” va “Zelal Tekstil” korxonalariga Better Cotton sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.
🫥 Mazkur sertifikat tadbirkorlar uchun xalqaro xaridorlar ishonchini mustahkamlash, global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashish, yangi bozorlarga chiqish hamda eksport raqobatbardoshligini oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
🫥 O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi BCI bilan hamkorlikda sertifikatlashtirish qamrovini kengaytirish, klasterlarni xalqaro standartlar talablariga tayyorlash va mahalliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga qaratilgan tizimli ishlarni davom ettiradi.


