Andijonda tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilmoqda
2026-08-26 10:00:00 / Yangiliklar

⚡️ Andijon viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida tadbirkorlar, sanoat korxonalari va eksportyorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazilmoqda. Unda eksport salohiyatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish, sertifikatlashtirish, metrologiya, yorliqlash va Yevropa bozorlariga chiqish masalalari muhokama qilinmoqda.
⚡️ Bugungi kunda viloyatda 5 268 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda, ularning 478 tasi eksportyor korxonalardir. 2026-yil yanvar-iyul oylarida 122 ta eksportyor korxona tomonidan 38 ta davlatga 602,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Eksport rejasi 141 foizga bajarildi.
Viloyatdagi barcha 5 268 ta sanoat korxonasi joyiga chiqqan holda o‘rganilib, 432 ta korxonaga amaliy yordam ko‘rsatildi. Xususan, xalqaro sertifikatlashtirish, standartlashtirish, metrologiya, yorliqlash va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish yo‘nalishlarida ko‘mak berildi.
2026-yilda 674 ta korxona, jumladan, 177 ta eksportyor korxona o‘rganildi. Natijada 74 ta korxonaga amaliy yordam ko‘rsatilib, 38 tasida menejment tizimlari, 31 tasida metrologiya va 5 tasida sertifikatlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro sertifikatlarni joriy etish korxonalarning eksport imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Jumladan, “Invest Davr Teks” MChJ va “Fazo group” MChJga SEDEX talablari asosida sertifikatlashtirishda ko‘maklashilib, korxonalar tomonidan Rossiya, Moldova, Ukraina va Qozog‘iston bozorlariga jami 2,3 million dollardan ortiq mahsulot eksport qilindi.
Shuningdek, 6 ta korxona tomonidan GSP+ doirasida Yevropa Ittifoqining 9 ta davlatiga 3,4 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. “Crystal Color textile” MChJga GOTS standartini joriy etish va sertifikatlashtirishda ko‘maklashilib, Polsha va Ruminiyaga 680 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
⚡️ Viloyatda korxonalarga xalqaro menejment tizimlarini joriy etish ishlari ham kengaytirilmoqda. 2026-yil yanvar-avgust oylarida 115 ta korxonaga 279 ta xalqaro standart joriy qilindi. Ayni paytda 1 601 ta sanoat korxonasida sifat menejment tizimlari mavjud bo‘lib, bu umumiy korxonalarning 30,3 foizini tashkil etadi.
⛈ Ochiq muloqot davomida tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar yuzasidan taklif va murojaatlar eshitilib, mahsulotlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda. Mazkur ishlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish va yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtirishga xizmat qilmoqda.




