Turkiya tajribasi — O‘zbekistonning yangi sifat infratuzilmasi sari muhim qadam
2026-08-25 10:00:00 / Yangiliklar

🔘 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston akkreditatsiya markazi, «O‘zbek-Turk Test Markazi» qo‘shma korxonasi hamda UZINFOCOM tashkiloti vakillaridan iborat delegatsiya Anqara shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Safar «O‘zbek-Turk Test Markazi» qo‘shma korxonasi va Turkiya standartlari instituti (TSE) hamkorligida tashkil etilib, Turkiya Respublikasi Savdo vazirligining Mahsulot xavfsizligi va bozor nazorati bosh boshqarmasida notifikatsiya qilingan organlar — Notified Body tizimi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda Turkiyada notifikatsiya jarayonida ishtirok etuvchi Savdo vazirligi, Sanoat va texnologiyalar vazirligi, Turkiya akkreditatsiya agentligi hamda Turkiya standartlari instituti mutaxassislari ishtirok etdi.
🔘 Turkiya tomoni milliy sifat infratuzilmasi, muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, ularning texnik kompetentligini baholash, vakolatli organ sifatida tayinlash hamda faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlari haqida ma’lumot berdi.
🔘 Shuningdek, muvofiqlikni baholash tashkilotiga notifikatsiya qilingan organ maqomini berish jarayoni, jumladan, akkreditatsiya sertifikatini olish, vakolatli organga ariza topshirish, belgilangan talablar asosida baholashdan o‘tish va ma’lumotlarni tegishli idoralarga taqdim etish tartibi tushuntirildi.
Uchrashuvda notifikatsiya qilingan organlarning mustaqilligi va xolisligini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, malakali kadrlar hamda zarur texnik resurslarga ega bo‘lish, kasbiy javobgarlikni sug‘urtalash, ma’lumotlar maxfiyligini saqlash va baholash natijalarining ishonchliligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Turkiya tajribasini o‘rganish va samarali mexanizmlarni O‘zbekiston amaliyotiga moslashtirish milliy muvofiqlikni baholash tizimini xalqaro talablarga yanada yaqinlashtirish, sinov va sertifikatlashtirish natijalarining ishonchliligini oshirish hamda mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlarda tan olinishiga xizmat qiladi.

