Ilm-fan, innovatsiya va ishlab chiqarish integratsiyasi: Qarshi davlat texnika universitetining ilmiy salohiyati o‘rganildi
2026-08-24 11:00:00 / Yangiliklar

✅ Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Qarshi davlat texnika universitetida bo‘lib, universitetning ilmiy-tadqiqot salohiyati, zamonaviy laboratoriyalari hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
✅Alohida e’tibor universitet qoshida faoliyat yuritayotgan «Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi» faoliyatiga qaratildi. Markazdagi zamonaviy laboratoriyalarning ilmiy va amaliy imkoniyatlari o‘rganildi.
Xususan, «Mexatronika va robototexnika laboratoriyasi»da talabalar va yosh olimlar tomonidan ishlab chiqilgan robototexnik qurilmalar, avtomatlashtirilgan tizimlar hamda amaliy loyihalar bilan tanishildi.
Shuningdek, «Noorganik moddalar kimyosi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi»da olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, yangi materiallar yaratish bo‘yicha ishlanmalar va erishilayotgan natijalar muhokama qilindi.
✅Universitet olimlari va tadqiqotchilari bilan muloqotda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyot va ishlab chiqarishga joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Akmal Jumanazarov universitetning ilmiy salohiyatini yuqori baholab, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladi.
✅ Uchrashuv yakunida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish hamda zamonaviy laboratoriyalar salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.




