Oliy ta’lim va metrologiya: hamkorlikning yangi bosqichi
2026-08-24 10:00:00 / Yangiliklar

✅Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Qarshi davlat texnika universiteti o‘rtasida metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni kuchaytirish, metrologiya sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Memorandum doirasida metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish yo‘nalishlarida qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, magistrantlar va talabalar uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘lchash noaniqligini baholash, kalibrlash metodologiyalarini takomillashtirish va zamonaviy metrologik yondashuvlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi.
✅Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — zamonaviy metrologik uskunalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega, sanoatning bugungi talablariga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlashdir.
✅Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston milliy metrologiya institutining zamonaviy laboratoriya bazasi shakllantirilgani mazkur hamkorlik uchun muhim amaliy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Massa, bosim, fizika-kimyo, elektr, geometriya va hajm yo‘nalishlaridagi laboratoriyalardan ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlarida ham samarali foydalaniladi.
✅Mazkur hamkorlik Qashqadaryoda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish, metrologiya sohasining ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.


