Qashqadaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-08-21 11:00:00 / Yangiliklar

✅ Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, mahsulot sifatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish, sertifikatlashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
✅ 2025-yilda Qashqadaryo viloyatidan 240 ta korxona tomonidan 52 ta davlatga 482 mln AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilingan. 2026-yil yanvar–iyun oylarida esa viloyat korxonalari tomonidan 233,5 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi. Eksport tarkibida to‘qimachilik mahsulotlari 78,8 mln dollar bilan yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, meva-sabzavot, neft-gaz, kimyo va qurilish materiallari eksporti ham salmoqli ulushga ega.
Manzilli ishlar doirasida 3 136 ta korxona faoliyati o‘rganilib, 172 ta aniq muammo hal etildi. Jumladan, sertifikatlashtirish, metrologiya, standartlashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va laboratoriya xizmatlari bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Bugungi kunda viloyatda 478 ta korxonada xalqaro menejment tizimi standartlari joriy qilingan bo‘lib, 2026-yilda yana 126 ta korxonada ushbu standartlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Muloqotda BCI, OEKO-TEX, GOTS, BSCI, SEDEX va WRAP kabi xalqaro sertifikatlarning eksportdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Sulton Tex group” MChJ BCI sertifikatini joriy etgach, Portugaliya, Litva va Polshaga 10,65 mln dollarlik mahsulot eksport qilgan. “Cotonella” MChJ XKda OEKO-TEX sertifikati joriy etilgandan so‘ng Italiyaga 2,9 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan.
✅ Tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, jumladan, sertifikatlashtirish, sug‘urta, xorijda savdo uyi va ombor ijarasi, mutaxassislarni jalb qilish hamda mahsulot namunalarini xorijiy xaridorlarga yuborish xarajatlarini kompensatsiya qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, “Made in Uzbekistan” milliy brendini xorijiy bozorlarda targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi. Ayni paytda 12 ta davlatda 16 ta showroom faoliyat yuritmoqda.
✅ Tadbirkorlarga xorijiy sertifikatlarni olish uchun “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi — TRIS.UZ orqali elektron ariza berish imkoniyati ham tushuntirildi. Muloqotda xalqaro standartlarni joriy etishning asosiy maqsadi nafaqat sertifikat olish, balki korxonalarni xalqaro xaridorlar talablariga moslashtirish, yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va barqaror eksport shartnomalarini ko‘paytirish ekani ta’kidlandi.



