Lift ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda
2026-08-21 10:00:00 / Yangiliklar

✅ Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzurida tashkil etilgan Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubi doirasida lift ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoni bilan tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan yangi imkoniyat va qulayliklar, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bugungi holati yuzasidan taqdimot o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-iyuldagi 316-son qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatini iqtisodiy operatorlar hamda muvofiqlikni baholash organlari o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ma’lumot berilmoqda.
✅ Muloqot davomida lift mahsulotlarini ishlab chiqarishdan boshlab iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayondagi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda. Xususan, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishni xalqaro standartlar talablariga moslashtirish, eksport salohiyatini oshirish hamda ichki bozorda sifatsiz mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, xodimlar malakasini oshirish, yangi turdagi lift mahsulotlarini sertifikatlashtirish va xalqaro standartlarni qabul qilish masalalari yuzasidan fikr almashilmoqda.
✅ Ochiq muloqot davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan bildirilayotgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish hamda sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar vakillari bilan fikr almashilmoqda.




