Yosh metrologlar ishlanmalari — mahalliy ishlab chiqarish va innovatsiya sari qadam
2026-08-20 11:00:00 / Yangiliklar

💛 Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va uning hududiy filiallarida faoliyat yuritayotgan yosh metrologlarning ilmiy ishlanmalari, ixtirolari hamda zamonaviy o‘lchash vositalarini mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalari bilan tanishdi.
Taqdimot davomida loyihalarning amalga oshirilishi, ishlab chiqarish jarayoni, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Agentlik topshiriqlari asosida import o‘rnini bosuvchi, zamonaviy va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini mahalliylashtirish hamda mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «ustoz-shogird» tizimi yo‘lga qo‘yilib, ularga o‘lchash vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etish jarayonlarida amaliy ko‘mak berilmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichida 17 ta yangi o‘lchash vositasini ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 12 tasi tayyorlandi va onlayn savdo platformalariga joylashtirildi.
Shuningdek, ishlanmalardan biri bo‘yicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ bilan 79,9 mln so‘mlik shartnoma imzolanib, mahsulotni yetkazib berish ishlari amalga oshirilmoqda.
Keyingi bosqichlarda yana 48 ta o‘lchash vositasini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
⭐️ Agentlik direktori har bir ishlanmani nafaqat texnik mahsulot, balki bozor talablariga javob beradigan, raqobatbardosh va iqtisodiy samarador mahalliy mahsulot sifatida shakllantirish zarurligini ta’kidladi.
🌸 Shuningdek, ishlanmalarning xorijiy analoglari, tannarxi, bozor qiymati, rentabelligi, import o‘rnini bosish imkoniyati va seriyali ishlab chiqarish salohiyatini chuqur tahlil qilish vazifalari belgilandi.
💚 Barcha rejalashtirilgan ishlanmalarni 14-oktabr — Butunjahon standartlar kuni munosabati bilan tashkil etiladigan ko‘rgazmaga tayyor holatda taqdim etish vazifasi qo‘yildi.


