O‘zbekiston mutaxassislari Koreyada malaka oshirmoqda
2026-08-19 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutaxassislari Koreya Respublikasining Korea Apparel Testing & Research Institute (KATRI) bilan xalqaro hamkorlik doirasida Seul shahrida malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
Dastur doirasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish, zamonaviy laboratoriya amaliyoti, xalqaro standartlar va sinov usullarini qo‘llash bo‘yicha Koreya tajribasi o‘rganilmoqda.
Shuningdek, to‘qimachilik sanoatida mahsulotlar sifatini baholash, xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish va ishlab chiqarishning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan ilg‘or yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Malaka oshirish jarayonida energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarishda resurslardan samarali foydalanish masalalari ham qamrab olingan.
✅ Bundan tashqari, texnik reglamentlarni xalqaro talablar asosida ishlab chiqish va qabul qilish, bozor nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Koreya tajribasi o‘rganilmoqda.
✅ Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish infratuzilmasini rivojlantirish, laboratoriyalar salohiyatini oshirish va texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
✅ O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik milliy sifat infratuzilmasini takomillashtirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.




