Xalqaro maydonda yangi zafar: Olimpiada g‘oliblari tantanali kutib olindi
2026-08-16 11:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Janubiy Koreya Respublikasida o‘tkazilgan XXI Xalqaro standartlar olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekistonlik yoshlarni tantanali ravishda kutib olib, ularni tarixiy g‘alaba bilan samimiy tabrikladi.
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakati yoshlari ishtirok etgan nufuzli xalqaro intellektual bellashuvda mamlakatimiz vakillari yuqori bilim va salohiyatini namoyon etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston yoshlari Xalqaro standartlar olimpiadasida uchinchi bor ishtirok etmoqda. Ular 2024-yilda bir dona oltin va bir dona kumush medal, 2025-yilda esa hakamlar hay’atining maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Joriy yilda esa yoshlarimiz yana bir bor oltin medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz bayrog‘ini xalqaro maydonda munosib himoya qildilar.
Bugun O‘zbekiston standartlar institutida xalqaro musobaqa g‘oliblarini tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi. Unda Agentlik direktori hamda Institut vakillari ishtirok etib, yoshlarni erishgan yuksak natijasi bilan tabrikladilar. G‘oliblarga samimiy tilaklar bildirilib, qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur yutuq mamlakatimizda yoshlarning bilim va salohiyatini rivojlantirish, ularni xalqaro intellektual musobaqalarga keng jalb etish hamda standartlashtirish sohasida malakali yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijasidir.
G‘oliblik muborak bo‘lsin, aziz yoshlar! Kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin!




