O‘zbekiston va Malaysia Palm Oil Council o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-08-07 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Malaysia Palm Oil Council (MPOC) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktorining o‘rinbosari Jo‘rabek Shakarov hamda MPOC delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi. Tomonlar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, xalqaro standartlarni ishlab chiqish va joriy etish, mahsulotlar sifati hamda xavfsizligini baholash tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv doirasida MPOC delegatsiyasi Agentlik tizimidagi zamonaviy sinov laboratoriyalari faoliyati, yuqori aniqlikdagi sinov uskunalari, mahsulotlarni xalqaro talablar asosida sinovdan o‘tkazish va muvofiqligini baholash jarayonlari bilan tanishdi.
Muzokaralar davomida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va laboratoriya sinovlari sohalarida tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish, qo‘shma seminar va o‘quv dasturlarini tashkil etish, shuningdek, ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashinuvini izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.




