O‘zbekiston va BCI: barqaror rivojlanish sari hamkorlik
2026-08-06 11:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Better Cotton Initiative (BCI)ning O‘zbekistondagi dastur direktori Katerina Gorbunova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida paxta-to‘qimachilik tarmog‘ida xalqaro standartlarni joriy etish, barqaror ishlab chiqarish tamoyillarini keng tatbiq qilish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida Jeneva shahrida imzolangan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Better Cotton Initiative (BCI) o‘rtasidagi Anglashuv memorandumini amalga oshirishning navbatdagi bosqichlari, shuningdek, belgilangan yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va sinov infratuzilmasini takomillashtirish, xalqaro talablar asosida ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish hamda mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, O‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, ularning xalqaro bozorlar talablariga mosligini oshirish hamda sohada ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.



