Rossiya Fanlar akademiyasi bilan ilmiy-texnik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-08-05 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Rossiya Fanlar akademiyasining Energetika, mashinasozlik, mexanika va boshqaruv jarayonlari bo‘limi akademik-kotibi Vladislav Xomich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Akmal Jumanazarov, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori Sh.Ismatullayev hamda Rossiya Fanlar akademiyasi vakillari o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar davomida kvant metrologiyasi sohasida ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, qo‘shma ilmiy-innovasion loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, milliy etalonlarni yaratish va ularning bazasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar metrologiya va standartlashtirish sohalarida ilg‘or tajribalarni almashish, ilmiy-texnik salohiyatni mustahkamlash hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Rossiya Fanlar akademiyasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli ilmiy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashinuvini izchil davom ettirishga tayyor ekanliklari qayd etildi.


