CONSTRUCTION PRODUCTS EUROPE AISBL Bosh direktori Christophe Sykes bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi
2026-08-03 10:00:00 / Yangiliklar

Onlayn uchrashuv davomida qurilish mahsulotlarini standartlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash hamda Yevropa Ittifoqida amal qilayotgan zamonaviy talab va yondashuvlar muhokama qilindi.
Construction Products Europe AISBL — Yevropa qurilish mahsulotlari sanoati manfaatlarini ifodalovchi xalqaro tarmoq uyushmasi bo‘lib, qurilish mahsulotlarini standartlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash va Yevropa Ittifoqi bozorida mahsulotlar erkin harakatlanishini ta’minlash sohasida faoliyat yuritadi.
Xususan, qurilish mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish hamda Yevropa davlatlaridan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘yiladigan texnik va sifat talablari, mahsulotlarni sertifikatlashtirish, SE markirovkasi, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari, texnik hujjatlarni rasmiylashtirish va bozorga chiqish shartlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda qurilish mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, milliy standartlar va texnik reglamentlarni xalqaro talablarga uyg‘unlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini kengaytirish hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qurilish mahsulotlarining eksport-import jarayonlarini yengillashtirish, texnik to‘siqlarni kamaytirish, o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish va kelgusida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

