Atom sanoatida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-07-31 11:00:00 / Yangiliklar

“O‘zatom” agentligida Agentlik vakillari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori, “Atomstroyeksport” AJ vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirokida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar atom energetikasi loyihalarini amalga oshirish doirasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.
Texnologiya yetkazib beruvchi mamlakatning me’yoriy-texnik bazasini tahlil qilish kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Bundan ko‘zlangan maqsad — amaldagi standartlarni O‘zbekiston Respublikasining milliy standartlashtirish tizimi bilan uyg‘unlashtirishdir. Bu O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurishda me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va qo‘llashga, shuningdek, mahsulotlarni mahalliylashtirishga yagona yondashuvni ta’minlaydi.
Metrologiya infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar metrologiya laboratoriyasini tashkil etish, o‘lchovlarning metrologik kuzatuvchanligini ta’minlash hamda AES ehtiyojlari uchun ikkilamchi metrologiya laboratoriyalarini barpo etish masalalarini muhokama qildilar. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishdan maqsad o‘lchovlarning yuqori aniqligiga erishish va metrologiya sohasidagi xalqaro talablarga muvofiqlikni ta’minlashdir.
Shuningdek, “Rosatom” davlat korporatsiyasida qo‘llaniladigan sertifikatlashtirish tizimini O‘zbekiston Respublikasida joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar muvofiqlikni baholashning tegishli tartib-taomillarini joriy etish uchun zarur tashkiliy va me’yoriy sharoitlarni yaratish bo‘yicha “O‘zatom” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Standartlar institutining o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildilar.
“Texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va standartlashtirishning zamonaviy tizimini rivojlantirish — O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasini xavfsiz va samarali amalga oshirishning asosiy omillaridan biridir. Standartlarni uyg‘unlashtirish va ishonchli metrologiya infratuzilmasini yaratish loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida yagona yondashuvni hamda eng yuksak xalqaro talablarga muvofiqlikni ta’minlaydi”, — deya ta’kidladi “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxadjayev.
“Biz zarur tashkiliy va me’yoriy sharoitlarni yaratish uchun “O‘zatom” agentligi va barcha manfaatdor tomonlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyormiz. Muvofiqlikni baholash va metrologiya sohasidagi ilg‘or yondashuvlarni joriy etish atom sanoatida qo‘llaniladigan mahsulotlarning sifati va xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi”, — deb qayd etdi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar va belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Bu sa’y-harakatlar O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini xavfsiz va samarali rivojlantirish manfaatlari yo‘lida texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va standartlashtirishning zamonaviy tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.



