Jenevada Better Cotton (BCI) bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-07-30 10:00:00 / Yangiliklar

Shveysariyaning Jeneva shahrida Texnik jihatdan tartibga solish agentlik direktori Akmal Jumanazarov Better Cotton (BCI) tashkiloti bosh direktori Nick Weatherill bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar paxta-to‘qimachilik sohasida ijtimoiy standartlarni keng joriy etish, klasterlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, ekologik barqaror ishlab chiqarish tamoyillarini tatbiq etish hamda mahsulotning daladan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan qiymat zanjirini xalqaro talablar asosida takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishda xalqaro standartlar va muvofiqlikni baholash mexanizmlarining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Agentlik hamda Better Cotton (BCI) o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum barqaror paxtachilik sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish, texnik salohiyatni oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorlarida raqobatbardoshligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.


