Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Xitoyning CATARC idorasi o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-07-28 10:00:00 / Yangiliklar

Texnik jihatdan tartibga solish agentligida Xitoy Xalq Respublikasining Avtomobil texnologiyalari va tadqiqotlari markazi (CATARC) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va sertifikatlashtirish, metrologiya, laboratoriya sinovlari hamda avtomobil sanoati uchun texnik sinovlar tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv doirasida Xitoy delegatsiyasi Toshkent viloyatining Pskent tumanida joylashgan, avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan maxsus majmua faoliyati bilan tanishish uchun taklif etildi.
Mazkur tashrif ikki tomonning amaliy hamkorligini mustahkamlash va zamonaviy sinov infratuzilmasi imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi hamda kelgusidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratdi.



