“Mustaqillik – g‘ururim, iftixorim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi
2026-07-17 10:00:00 / Milliy qadriyatlar va bayramlar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida Jizzax viloyatidagi “Sharof Rashidov” nomidagi Axborot-kutubxona markazida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” bosh g‘oyasi asosida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligi direktori maslahatchisi N. Mamadaliyeva, Agentlik tizimi tashkilotlari va hududiy filiallari xodimlari, shuningdek, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mustaqillikning tarixiy ahamiyati, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy birlik, vatanparvarlik, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash va yoshlarda fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda mustaqillik bayramiga tayyorgarlik tadbirlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari, shoira Mehribon Abdurahmonova hamda Jizzax viloyati hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bohodir Mavlonov so‘zga chiqib, mustaqillikning yurt taraqqiyotidagi o‘rni, milliy qadriyatlar, davlat tili va fuqarolik mas’uliyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, mustaqillik g‘oyalari va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va mustaqillik qadriyatlariga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.



