Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda
2026-07-17 10:00:00 / Yangiliklar

Texnik tartibga solish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi tadbirda respublika neft-gaz sohasi vakillari, ishlab chiqaruvchilar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirni Agentlik direktori Akmal Jumanazarov ochib berdi. U o‘z so‘zida texnik jihatdan tartibga solish sohasida keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi PF–25-son Farmoniga muvofiq sohada xalqaro amaliyotga asoslangan keng ko‘lamli islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, 2026 yil 1 apreldan tadbirkorlar uchun qator yengilliklar joriy etildi. Jumladan, xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholashga ruxsat berildi, akkreditatsiya yig‘imlari 2,5 barobarga qisqartirildi, xususiy sektor ishtiroki kengaytirildi hamda "Sifat bo‘yicha ko‘makchi" elektron platformasi ishga tushirildi. 1 maydan esa milliy standartlar ixtiyoriy asosga o‘tkazilib, xalqaro standartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti joriy etildi.
Shuningdek, 2027 yildan boshlab "Conformity Uzbekistan" milliy muvofiqlik belgisi, xavf-xatarga asoslangan muvofiqlikni baholash va davlat nazorati tizimlari, shuningdek, standartlarning iqtisodiyotga ta’sirini sun’iy intellekt orqali baholash mexanizmi joriy etilishi ma’lum qilindi.
Tadbir davomida xalqaro standartlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, TRIS milliy axborot tizimi orqali xizmatlarni raqamlashtirish, bozor nazoratining zamonaviy mexanizmlari va "Nomuvofiq mahsulotlar reyestri" faoliyati yuzasidan ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur islohotlar mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish hamda O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yig'ilish so'nggida ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar O'zbekiston milliy metrologiya institutining laboratoriyalari bilan tanishdilar.





