“LABTUR”da tadbirkorlar laboratoriyalar faoliyati bilan tanishtirildi
2026-07-14 11:00:00 / Yangiliklar

🫥 Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan qurilish mahsulotlari jumladan metall quvur, temir beton, sement, bazalt plita ishlab chiqarish faoliyati bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun navbatdagi “LABTUR” tashkil etildi.
🫠 Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarni zamonaviy sinov laboratoriyalarining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlashda laboratoriya xizmatlarining ahamiyatini keng targ‘ib etish hamda korxonalar bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar Agentlik tasarrufidagi "UzMetConstruction" sinov laboratoriyasida bo‘lib, qurilish va metall mahsulotlari sinovini amalga oshirishda foydalaniladigan zamonaviy sinov uskunalari, laboratoriya jarayonlari va mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlarini baholash imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Mutaxassislar tomonidan mahsulotlarni milliy va xalqaro standartlar talablariga muvofiq sinovdan o‘tkazish, muvofiqlikni baholash tartiblari, sifat nazoratini takomillashtirish hamda eksport bozorlariga chiqishda zarur bo‘lgan talablar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga laboratoriyalarda amalga oshirilayotgan sinov turlari, qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va mavjud imkoniyatlar amaliy tarzda namoyish etildi. Tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob va zarur tavsiyalar oldilar.
Mazkur tadbir tadbirkorlik subyektlariga mahsulot sifatini oshirish, xalqaro standartlarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish, sinov va muvofiqlikni baholash xizmatlaridan samarali foydalanish hamda eksport salohiyatini kengaytirish borasida muhim amaliy ahamiyat kasb etdi.




