O‘zbekiston Standartlar instituti vakili "MDHning eng yaxshi standartchisi – 2026" davlatlararo mukofoti laureati bo‘ldi.
2026-07-13 11:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Standartlar instituti Xalqaro hamkorlik va loyihalar bo‘limi boshlig‘i Yelena Mixaylovna Kvitkova Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo kengashning standartlashtirish sohasidagi yutuqlar uchun ta’sis etilgan nufuzli «MDHning eng yaxshi standartchisi – 2026» davlatlararo mukofoti tanlovida O‘zbekiston Respublikasi nomidan munosib ishtirok etdi.
Tanlov saralashi yakunlari hamda taqdim etilgan materiallarni Mukofot kengashi tomonidan ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, u «Davlatlararo standartlashtirishni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun» nominatsiyasi bo‘yicha laureat deb topildi. Mazkur nominatsiya davlatlararo standartlashtirishni rivojlantirish, xalqaro integratsiyani mustahkamlash, shuningdek, ushbu sohadagi ijtimoiy ahamiyatga ega va ma’rifiy faoliyatga qo‘shilgan ulkan hissani e’tirof etishni nazarda tutadi. Ushbu nominatsiya bo‘yicha laureat bevosita Mukofot kengashi tomonidan aniqlanadi.
Y.M. Kvitkovaga davlatlararo mukofot laureati diplomi hamda belgilangan namunadagi ko‘krak nishoni topshirildi.
Taqdirlashning tantanali marosimi 2026-yil 9-iyul kuni Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati Bayet qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Marosim 2026-yil 8–10-iyul kunlari o‘tkazilgan Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo kengashga a’zo davlatlar milliy organlari rahbarlarining 69-yig‘ilishi doirasida tashkil etildi.
Marosimda MDHga a’zo davlatlarning standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya bo‘yicha milliy organlari rahbarlari, MDH Ijroiya qo‘mitasi Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori M. Miskin, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC), Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) vakillari, shuningdek, boshqa taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdilar.
2026-yilda davlatlararo tanlovda ishtirok etish uchun MDHga a’zo davlatlardan jami 23 ta ariza topshirildi. Tanlov materiallari ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan, ularning kasbiy yutuqlari hamda davlatlararo standartlashtirishni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini tasdiqlovchi hujjatlar asosida belgilangan mezonlarga muvofiq baholandi.
Y.M. Kvitkovaning MDH doirasidagi hamkorlikning institutsional mexanizmlarini rivojlantirish, MDHga a’zo davlatlar ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlatlararo kengash ishchi organlari faoliyatidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli faoliyati yuqori davlatlararo e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Uning faoliyatining muhim yo‘nalishlari qatoriga O‘zbekistonning Davlatlararo kengash faoliyatidagi ishtirokini ekspert-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, davlatlararo standartlashtirish masalalari bo‘yicha milliy pozitsiyalar va takliflarni tayyorlash, xalqaro kasbiy tadbirlarni tashkil etish, axborot hamkorligini rivojlantirish hamda standartlashtirishni ommalashtirish kiradi.
Mazkur mukofotning O‘zbekiston Standartlar instituti vakiliga berilishi O‘zbekiston Respublikasi mutaxassislarining davlatlararo standartlashtirishni rivojlantirish, MDH hududida hamkorlikni mustahkamlash hamda milliy organlar va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga qo‘shgan professional hissasi yuksak e’tirof etilganidan dalolat beradi.


