Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi
2026-07-09 12:00:00 / Yangiliklar

Qirgʻiz Respublikasida oʻtkazilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha davlatlararo kengashi (MGS)ning 69-yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasining sifat infratuzilmasi sohasidagi vakolatli idoralari vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash hamda akkreditatsiya sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar sohadagi ilgʻor tajribalar almashinuvini kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladilar.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat oʻrtasida sifat infratuzilmasi sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va kelgusidagi qoʻshma tashabbuslarni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.


