Yoshlar kuni: fan va texnik jihatdan tartibga solish integratsiyasi yo‘lida yangi qadam
2026-07-09 10:00:00 / Yangiliklar

⚡️ Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari olimlari hamda yosh mutaxassislari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
⛈ Tadbirda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi birinchi vitse-prezidenti — Bosh ilmiy kotibi, akademik Shomansur Sagdullayev, shuningdek, Fanlar akademiyasi tizimidagi olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida mehmonlar O‘zbekiston Milliy metrologiya institutining zamonaviy ilmiy laboratoriyalari faoliyati bilan tanishib, metrologik tadqiqotlar, kalibrlash, standartlashtirish va sinov ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot oldilar.
⚡️ Rasmiy qismda so‘zga chiqqanlar mamlakatda standartlashtirish, metrologiya, akkreditatsiya va sifat infratuzilmasini rivojlantirishda ilm-fanning o‘rni muhim ekanini ta’kidlab, sohaviy hamkorlikni kengaytirish va yosh olimlarni amaliy loyihalarga jalb etish masalalariga alohida to‘xtaldilar.
Tadbir davomida Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan IV Xalqaro ilmiy-amaliy yosh olimlar va mutaxassislar anjumani hamda “MDHning eng yaxshi yosh metrologi” I Xalqaro tanlovida yuqori natijalarga erishgan yosh mutaxassislar taqdirlandi.
Muhokamalar chog‘ida olimlar va yosh tadqiqotchilar tomonidan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, metrologik ta’minot, akkreditatsiya, laboratoriya sinovlari va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimi bilan akademik ilm-fan o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda milliy metrologiya va standartlashtirish sohalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoni bo‘ldi.







