Yoshlar salohiyati — soha taraqqiyoti omili
2026-07-07 11:00:00 / Yangiliklar

✅ Texnik jihatdan tartibga solish agentligida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib, yurtimizga qaytgan yosh mutaxassislar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
✅ Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tajribani texnik jihatdan tartibga solish tizimiga keng joriy etish, innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashishdan iborat bo‘ldi.
Ochiq muloqotda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy sinov laboratoriyalari faoliyati, xalqaro standartlarni joriy etish, sifat infratuzilmasini takomillashtirish hamda sohaga malakali kadrlarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, xorijda ta’lim olgan yosh mutaxassislarning bilim va tajribasi sohani yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Agentlik direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tili va ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Naibaxon Mamadaliyeva ham ishtirok etib, yoshlarning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, davlat tilining ilm-fan va texnik sohalardagi o‘rni hamda sohaviy terminologiyani rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Muloqot davomida xorijda tahsil olgan yosh mutaxassislar ta’lim jarayonida orttirgan bilim va amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ularni milliy amaliyotga tatbiq etish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash hamda laboratoriya faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdilar.
Tadbir savol-javoblar va erkin fikr almashuvlarga boy tarzda o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan xalqaro standartlashtirish tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh olim va mutaxassislarni sohaga keng jalb etish hamda zamonaviy innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.




