AQSH tajribasi asosida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ilg‘or yondashuvlar muhokama qilindi
2026-07-03 12:00:00 / Yangiliklar

✅ O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati hamda markaziy apparati xodimlari ishtirokida mamlakatimizda va texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda xalqaro tajribalarni o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
✅ Tadbirda Agentlik direktorining o‘rinbosari J. Shakarov ma’ruza qilib, AQSHga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida orttirilgan tajriba va kuzatuvlar bilan o‘rtoqlashdi.
Qayd etilganidek, xalqaro tajribani o‘rganish va texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish maqsadida AQSHning qator nufuzli davlat idoralari hamda yirik sanoat korxonalarining ilg‘or tajribalari o‘rganildi.
Texnik o‘qish doirasida AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA), AQSH Energetika vazirligi, AQSH Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik boshqarmasi (OSHA), AQSH Konlarda mehnat xavfsizligi va sog‘liqni muhofaza qilish boshqarmasi (MSHA), AQSH Xalqaro mehnat masalalari boshqarmasi (ILAB), shuningdek, General Motors kompaniyasining ilg‘or faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
O‘quv dasturi davomida ekologik standartlarga rioya qilish, energiya samaradorligini oshirish, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish xavfsizligini ta’minlash, xalqaro mehnat standartlarini joriy etish, mahsulot sifati hamda zamonaviy boshqaruv tizimlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan taqdimotlar va muhokamalar o‘tkazildi.
✅ Davra suhbati yakunida xalqaro tajribani o‘rganish texnik jihatdan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, mahsulotlar sifati va xavfsizligini oshirish hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.




