Yosh olimlar, innovatsiyalar va ilmiy hamkorlik — umumiy maqsad yo‘lida
2026-07-02 10:00:00 / Yangiliklar

✅ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan payshanba kunining “Yoshlar kuni” sifatida belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika” ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
✅ Uchrashuvda metrologiya, fizika va mikroelektronika sohalarida ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, fundamental hamda amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy laboratoriyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda yosh olimlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mamlakatda milliy metrologiya tizimini takomillashtirish, yuqori aniqlikdagi o‘lchashlar sohasini rivojlantirish, kvant texnologiyalari va kvant metrologiyasi bo‘yicha ilmiy salohiyatni mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Muzokaralar chog‘ida yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy laboratoriyalarda amaliy faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirish, iqtidorli talabalarni innovatsion loyihalarga jalb etish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va xalqaro standartlarga javob beradigan ilmiy infratuzilmani shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi kelishib olindi. Unga muvofiq yarimo‘tkazgichlar fizikasi, mikroelektronika va metrologiya sohalarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, harorat va namlikni masofadan monitoring qilish tizimlarini sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash, laboratoriyalarning texnik imkoniyatlarini baholash, fotoelektrik modullar hamda muqobil energetika qurilmalarini qo‘shma sinovdan o‘tkazish, sinov metodikalari va normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, talabalar va yosh olimlar uchun amaliy seminarlar hamda laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil etish belgilandi.
Shu bilan birga, qo‘shma ilmiy maqolalar, ma’ruzalar va ilmiy-axborot materiallarini tayyorlash, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda ilmiy natijalarni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Tadbir yakunida mazkur hamkorlik mamlakatimizda ilm-fan, innovatsiyalar va metrologiya sohasini yangi bosqichga olib chiqish, yosh olimlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda raqobatbardosh milliy ilmiy ishlanmalarni yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.






