Mustaqillik g‘oyalari – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam asosi
2026-06-29 15:00:00 / Milliy qadriyatlar va bayramlar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hamda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida “Mustaqillik soati” ma’rifiy mashg‘uloti tashkil etildi.
Tadbir davomida davlatimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, xalqimizning istiqlol yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, mustaqillik yillarida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida amalga oshirilgan ishlar, sohani rivojlantirish yo‘lida erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz taraqqiyotida mustaqillikning o‘rni, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va fuqarolik mas’uliyati kabi ezgu qadriyatlarning ahamiyati yetkazildi.
Bayram munosabati bilan Agentlikda Mustaqillik ruhini aks ettiruvchi tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, sport musobaqalari, madaniy kechalar hamda boshqa targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida davlat mustaqilligi xalqimizning eng ulug‘ va bebaho ne’mati ekani, uni asrab-avaylash, yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani ta’kidlandi.




