Rahbar va yoshlar: kelajak muhandislari bilan uchrashuv
2026-06-11 11:00:00 / Yangiliklar

🔘 Toshkent shahridagi Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida Yoshlar kuni munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
🔘 Tadbirda Texnik tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov ishtirok etdi.
🔘 Tadbirni institut ijrochi direktori Sanjar Mirzaliyev ochib, u o‘z so‘zida institut faoliyati, ta’lim jarayoni va yoshlarning ilm-fan hamda muhandislik sohalaridagi ishtiroki xususida to‘xtalib, talabalarni Yoshlar kuni bilan tabrikladi.
🔘 Tadbir doirasida “Muhandislik oyligi” munosabati bilan tashkil etilgan “Kelajak muhandislari” festivalining “Yangi avlod avtomobili” yo‘nalishida faol ishtirok etgan iqtidorli talabalar taqdirlandilar.
Shuningdek, Agentlik direktori Akmal Jumanazarov tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh mutaxassislar oldida turgan muhim vazifalar hamda sohadagi istiqbolli imkoniyatlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
🔘 Uchrashuvda Muhandislik tizimlari fakulteti talabasi Abdullajon Bafoyev ham o‘zining innovatsion loyihalari va tashabbuslari haqida taqdimot qildi.
Muloqot davomida Agentlik direktori texnik jihatdan tartibga solish sohasini raqamlashtirish, jarayonlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Talabalar tomonidan ham bir qator takliflar bildirildi. Jumladan, 2-bosqich “Metrologiya” yo‘nalishi talabasi Xushnud Shavkatov Milliy metrologiya instituti tizimidagi laboratoriyalarni bosqichma-bosqich vizual laboratoriyalarga aylantirish tashabbusini ilgari surdi. Abdullajon Bafoyev esa o‘zi ishlab chiqayotgan dasturiy ta’minot loyihalarini Agentlik mutaxassislariga taqdim etish bo‘yicha taklif bildirdi.
🔘 Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, soha rahbarlari bilan ochiq muloqot olib bordilar. Savol-javoblarda faol ishtirok etgan talabalarga Agentlik direktorining maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi.






