Standartlashtirish sohasida xalqaro ekspert bilan uchrashuv
2026-03-05 10:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov Jahon Bankining “Institutsional salohiyatni rivojlantirish” grant loyihasi doirasida standartlashtirish sohasidagi xalqaro ekspert, Buyuk Britaniyalik Glen Bosman bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligida kadrlarning standartlashtirish sohasidagi bilim va malakasini oshirish, sohaga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish maqsadida xalqaro hamkorlik faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston standartlar instituti faoliyatini tubdan isloh qilish va samaradorligini oshirish, mahalliy texnik qo‘mitalar faoliyatini kengaytirish hamda ularning IEC va ISO xalqaro tashkilotlaridagi faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun texnologiyalarning energiya samaradorligiga oid “yashil” standartlarni joriy etish, energiya samaradorligi bo‘yicha standartlarni belgilash, mutaxassislar uchun qo‘shma dars mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar “Institutsional salohiyatni rivojlantirish” grant loyihasida belgilangan ishlarni bosqichma-bosqich samarali amalga oshirishga kelishib oldilar.



