Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv
2026-02-19 14:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun — O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oxirgi ikki yilda 1 milliard dollardan oshib bormoqda, AQSH O‘zbekistonning 13-eng yirik tashqi savdo hamkori hisoblanadi. O‘zbekiston bozorida 340 ga yaqin AQSH kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Qiymati 35 milliard dollarlik uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda.
AQSh an’anaviy ravishda O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkori hisoblanishi, albatta, savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishida standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish alohida o‘rin tutishi qayd etildi.
Agentlik Ishchi guruhining AQShga xizmat safari davomida American National Standards Institute (ANSI), National Institute of Standards and Technology (NIST), Food and Drug Administration (FDA), International Trade Administration (ITA), Office of the United States Trade Representative (USTR), UL Standards & Engagement (ULSE), Worldwide Responsible Accredited Production (WRAP), American-Uzbekistan Chamber of Commerce hamda Pangea, IBM va Caterpillar Inc. kompaniyalari bilan uchrashuvlar va ularning amaliy natijalari muhokama qilindi.
Food and Drug Administration (FDA) regional ofisini Toshkentda ochish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, to‘qimachilik mahsulotlarini AQSh bozoriga eksportini oshirish, yuqori toifalangan etalonlar, kvant metrologiya laboratoriyalari, sun’iy intellekt, kadrlarni tayyorlash va ilm-fan hamkorligini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Xalqaro va Amerika standartlaridan foydalanishni ommalashtirish uchun kadrlarni tayyorlash, milliy qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirish, AQSh bozoriga kirishda standart talablari bo‘yicha trening-seminarlar o‘tkazish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.



