Navoiy viloyatida elektr ta’minoti tizimining raqamli xaritasi ishlab chiqildi va muvaffaqiyatli taqdim etildi
2025-12-16 09:10:00 / Yangiliklar

Loyiha doirasida Navoiy viloyati Navbahor tumani klaster mahallalari (Navkar, Sarbozor, Chorvoguzar, Arabxona, Kuhron, Kelachi MFYlar) uchun elektr ta’minoti tizimining raqamli xaritasi muvaffaqiyatli ishlab chiqildi. Ushbu raqamli xarita milliy konsalting kompaniyasi “MSECURITY” MCHJ mutaxassislarining loyiha jamoasi bilan hamkorligida tayyorlandi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy viloyati filialida joriy yil 15dekabr kuni muvaffaqiyatli taqdimoti o‘tkazildi.
Raqamli xaritaning ishlab chiqilishi loyihaning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib, mahallalarni barqaror rivojlantirish rejalarini amalga oshirish, yashil va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, raqamli yechimlarni ilgari surishga xizmat qiladi. Ushbu xarita elektr ta’minoti tizimlarini samarali boshqarish, monitoring qilish va kelgusida modernizatsiya qilishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Taqdimotda loyiha mutaxassislari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakillari, tuman hokimligi va mahalliy hamkorlar ishtirok etib, raqamli xaritaning amaliy ahamiyati va kelgusidagi imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi Navoiy va Xorazm viloyatlarining maqsadli tumanlarida davom etmoqda va shunga o‘xshash raqamli yechimlar suv ta’minoti tizimlari uchun ham ishlab chiqilgan va uning taqdimoti yaqin kunlarda rejalashtirilgan.





