Xitoy Xalq Respublikasining Nan’an shahri delegatsiyasi Navoiyda
2025-12-09 11:15:00 / Yangiliklar

Bugungi uchrashuv faqat yakka tartibdagi muloqot emas, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, kengaytirish va amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy-gumanitar aloqa ildizlari Buyuk ipak yo‘liga borib taqaladi. Ushbu hamkorlik, ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘zining yuksak pog‘onasiga ko‘tarilib, iqtisodiyot, savdo, investisiya, kadrlar almashinuvi kabi sohalarda o‘zini yaqqol namoyon qilmoqda.
Xususan, Navoiy viloyatiga kiritilgan investitsiyalar hajmining 79 foizi Xitoy davlati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, ayni damda Xitoyning oliy o‘quv yurtlarida 7 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda.
Nan’an shahri Xitoyning yirik iqtisodiy markazlaridan biri hisoblanadi. Shaharning asosiy sanoat tarmoqlari, xususan, qurilish materiallari texnika, mashinalar va uskunalar, to‘qimachilik, elektrotexnika, mebelsozlik va maishiy buyumlar chiqarish sanoati hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalar hamda investitsiyaviy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish uchun yuqori imkoniyatlarni yaratib beradi.
Uchrashuv davomida ishbilarmonlar huquqlarining himoyasi kuchaytirilgani, shu jumladan, chet ellik investorlar uchun ko‘chmas mulk sotib olish, O‘zbekistonga kelib-ketish, yashash shartlari keskin soddalashtirilib, soliq va boshqa yo‘nalishlarda imtiyozlar joriy etilgani bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Navoiy viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tildi. Respublikaning yirik sanoat markazi hisoblanib, sanoatining asosiy tarmoqlari tog‘-kon va metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari , tekstil va to‘qimachilik, mashinasozlik hisoblanadi.
Uchrashuv davomida ikki tomon muzokara olib borib, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirib, xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.




