Navoiyda 300 MVtlik quyosh stansiyasi barpo etilmoqda
2025-12-07 13:10:00 / Yangiliklar

Ularning orasida Navoiy viloyatida qurilayotgan quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va quvvati 75 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini
qurish loyihasi ham mavjud.
Xitoyning “SINOMA” kompaniyasi investorligida “Navoiy Clean Energy Technology" MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha qiymati 260 mln dollarni tashkil etadi.
Karmana tumanidagi 522 gektar yer maydonida bu borada ishlar tashkillashtirilib, loyihalash va qurilish-montaj ishlari Xitoy Xalq Respublikasi va mahalliy kompaniyalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha to‘liq ishga tushgandan so‘ng 25 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Korxonani 2026 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Mazkur loyihada yiliga 650 mln kVt soat yoki 270 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi, 196 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi va 273 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi.
Loyihaga start berish marosimida viloyat hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi mas’ullar ham ishtirok etishdi.


