NAVOIY SHAHRIDA EKOLOGIK MUHITNI YAXSHILASH ISHLARI JADAL DAVOM ETMOQDA
2025-12-01 14:05:00 / Ekologiya

Bugungi kunda shahar ko‘chalarida asosiy va ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari, avtobus bekatlari hamda jamoat maydonlari maxsus texnikalar yordamida yuvilmoqda. Ushbu choralar changning havoga ko‘tarilishini kamaytirish, shahar muhitini yanada toza va ozoda holga keltirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, daraxtlar, gulzorlar, yashil maydonlar va tuproqli hududlarda muntazam sug‘orish ishlari davom etmoqda. Namlikning oshishi havoda chang tarqalishining oldini olib, shahar mikroiqlimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shahardagi favvoralar ham qayta ishga tushirildi. Bu nafaqat havoning namligini oshirishga yordam bermoqda, balki shahar maskanlariga ko‘rk, fayz va yoqimli muhit bag‘ishlamoqda.
Navoiy shahrida olib borilayotgan ushbu kompleks profilaktika tadbirlari aholi salomatligini asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda shaharni yanada musaffo va yashil hududga aylantirishga qaratilgan muhim qadamdir.


