Koreya Respublikasi bilan transport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi
2026-10-21 17:00:00 / Yangiliklar
Koreya Respublikasining Kanin shahrida o‘tkazilayotgan ITS (Intellektual transport tizimlari) Butunjahon kongressi doirasida Transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov Koreya Respublikasi Yer, infratuzilma va transport vaziri Xong Ji-sun bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, intellektual transport tizimlarini joriy etish, transport infratuzilmasini raqamlashtirish hamda ilg‘or texnologik yechimlar bo‘yicha tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar zamonaviy transport boshqaruvi tizimlarini takomillashtirish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdilar.
