Milliy tashuvchilar diqqatiga
2026-04-17 17:00:00 / Yangiliklar
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasi yuzasidan Transport vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
2026-yildan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Xitoy Xalq Respublikasi Transport vazirligi bilan hamkorlikda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida elektron ruxsatnoma blankalari (E-permit) tizimini muvaffaqiyatli joriy etdi.
E-permit tizimining joriy etilishi jarayonlarni raqamlashtirish, shaffoflikni oshirish hamda xalqaro tashuvlar samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan. Hozirgi kunda o‘zbek milliy tashuvchilari ushbu yo‘nalishda barqaror o‘sish va yuqori salohiyatni namoyon etmoqda.
Ayni damda E-permit tizimi bilan bir qatorda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy transport koridori bo‘yicha an’anaviy qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blankalari ham amalda qo‘llanilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida O‘zbekiston – Xitoy yo‘nalishidagi elektron ruxsatnomalar (E-permit) hamda O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy koridori bo‘yicha qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blankalari (dozvol) seriya raqamlarining bir-biriga o‘xshash (bir xil) ekanligi bilan bog‘liq fors-major holati yuzaga kelganligi oydinlashdi. Mazkur ruxsatnoma blankalarini chiqarish uchun mas’ul 2026-yilda raislik qiluvchi Xitoy tomoni ekanligini bildiramiz.
Qo‘shimcha ravishda ma’lum qilamizki, ikki tomonlama elektron ruxsatnomalar (E-permit) quyidagi formatdagi seriyaga ega:
UZ-CN-2026-C-XXXX (unikal raqam).
O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy yo‘nalishi bo‘yicha qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blankalari (dozvol) faqat raqamli ko‘rinishda bo‘lib, harfli seriyaga ega emas.
Aynan bojxona organida hujjatlarni tekshirish jarayonida Xitoy elektron ruxsatnoma blankasi (E-permit)ning to‘liq seriya raqamlari bilan tizimga kiritilmaganligi natijasida fors-major holati yuzaga kelgan. Ya’ni E-permit unikal raqami O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy yo‘nalishi bo‘yicha ishlatib bo‘lingan qog‘oz shaklidagi ruxsatnoma blanka raqami bilan bir xil bo‘lib chiqqan. Natijada tizim elektron ruxsatnoma (E-permit) ishlatib bo‘lingan degan xulosani bergan.
Ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Xitoy vakolatli organlari bilan hamkorlikda ushbu vaziyatni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklar va chegara o‘tish jarayonidagi kechikishlarning oldini olish maqsadida xalqaro yuk tashuvchi transport vositalari haydovchilariga chegara va bojxona organlari xodimlariga murojaat qilib, ruxsatnoma hujjatlarining to‘liq seriya raqamlarini tizimga kiritish va tekshirishni so‘rash tavsiya etiladi.
