Bojxona to'lovlari va boshqa yig'imlar
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 300-moddasiga muvofiq, boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdoridagi bojxona bojlari O‘zbekiston Respublikasi savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimini qo‘llayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan, tovarni jo‘natuvchi va eksport qiluvchi mamlakatdan qat’i nazar qo‘llaniladi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarining stavkalari ikki baravar oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq quyidagi tovarlarga nisbatan bojxona bojlari qo‘llanilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki O‘zbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarda ishlab chiqarilgan va ushbu davlatlardan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga;
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va uning bojxona hududidan O‘zbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki O‘zbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarga olib chiqilgan tovarlarga.
